Qo'shni qishloqda qarg'ish tekkan bir dala bor. U anchadan buyon ekin ekilmaganidan nihoyatda xarob ahvolda. Har doim o'sha yerdan o'tsam, negadir og'irlashib ketayotganday bo'laveraman. Nafasim bo'g'ilib borayotganday tuyiladi, lekin qandaydir sirli kuch meni o'sha joyga qarashga majbur qiladi. G'alati tovushlar orasida o'z ismimni eshitib qolaman. Olisdan bu kimsasiz dalaning o'rtasida tashlandiq traktorga va eski qabr toshiga o'xshash bir toshga ko'zingiz tushadi. Bir kuni xolamdan bu dalani nega odamlar xosiyatsiz deb atashlari haqida so'radim. Xolam boshida bu haqda umuman og'iz ochishni istamadi. Men holi-joniga qo'ymadim. Nihoyat, u sirli hikoyasini boshladi. — Bu voqeaga o'ttiz yil bo'lgan, bolam. Men u paytda aqlini endi tanigan qizaloq edim. Nazira kampirni bilasan, qishlog'imiz etagidagi kulbada yolg'iz yashaydi. Bolalari ulg'ayib, shaharga o'qishga ketishdi-yu, lekin qishloqqa qaytishmadi. To'g'ri, farzandlari onasini bir necha bor shaharga ko'chirib ketmoqchi bo'lishdi, biroq u unamadi. Nazira momo umr yo'ldoshi o'z qo'llari bilan bunyod etgan kulbani aslo tark etgisi kelmaydi. Bechoragina, eri sirli ravishda qanday badar ketgan bo'lsa, bir kun shunday sirli ravishda qaytishiga umid qiladi. U yosh edi. Go'zal edi. Qaddi-qomati kelishgan edi. Biroq qaridi. Chiroyi qaytdi. Qaddi bukildi. Shu yillar ichida uning faqat sabri o'zgarmadi. U hamon erini kutadi, bir kun paydo bo'lishiga ishonadi. Bu ayolning umr yo'ldoshi Alimardon aka o'sha xosiyatsiz dalaning o'rtasidagi eski traktorni haydardi. Ko'ngli ochiq, mehnatkash, nihoyatda xushchaqchaq odam edi. Bir qarich bolaning ham ko'nglini topib, gurunglashib ketardi. Havo isishi bilan daladan beri kelmaydigan Alimardon akaga barcha dalalar qatori shu xosiyatsiz yerni ham haydash topshirilgandi. Nazira kampir o'sha kuni har doimgiday umr yo'ldoshini dalaga jilmayib kuzatib qoldi. Biroq Alimardon akaning chehrasi sira ochilmadi. Negadir dalaga oyog'i tortmagan joyga borayotganday istar-istamas yo'l oldi. Hamma dalalarni shudgor qilib bo'lgach, oxirida o'sha dalaga o'tibdi. Ishni boshlash oldidan bir piyola choy ichish maqsadida traktordan tushib, so'riga yaqinlashganida bir kampirga ko'zi tushibdi. Ilgari uni bu yerda uchratmaganligi uchun notanish insonning chehrasiga sinchiklab razm solibdi-yu, biroq «tanimadim» deb aytishga yuzi chidamabdi. Qari ayol traktorchiga bir piyola choy uzatarkan: — Ko'nglingga hech narsani keltirmay ishlayver, bolam, faqat ehtiyot bo'l. Dala o'rtasidagi toshga ziyon yetkazma. Bu bir vaqtlar shu yerlarning egasi bo'lgan davlatmandning yakkayu yagona qizi, jodugarning qabridir. Agar u ozod bo'lsa, ruhingni olib ketadi, — debdi. Alimardon aka unga endi minnatdorchilik bildiraman deganda, kampir qayoqqadir g'oyib bo'libdi. U sodir bo'lgan voqea oldida hayratlanib, bir muddat nima qilishini bilmay serrayib turibdi-da, so'ng traktori tomonga yo'l olibdi. Dalaning yarmini shudgor qilib, qisqa muddat ichra ko'zlarini g'aflat bosganini sezmay qolibdi va traktori toshga kelib urilibdi. Dahshatli ovozdan cho'chib tushgan Alimardon aka yugurib, traktoridan tushibdi-yu, joyidan qo'zg'algan toshga angrayib tikilib qolibdi. U kampirning gaplarini eslab, o'zicha toshni to'g'rilab qo'ymoqchi bo'lib egilibdi. Shu payt ortidan qandaydir sharpa yaqinlashganini sezibdi. Alimardon aka sekin orqasiga qayrilib, sovuq nigoh bilan qarab turgan chiroyli qizni ko'ribdi. — Tinchimni buzding, endi seni go'rga tiqaman, — debdi qiz va dahshatli tarzda kulib yuboribdi. Jodugar qiz bir daqiqaning o'zida afti burishgan, serajin qari kampirga aylanibdi. Alimardon aka umrida bunday xunuk kampirni ko'rmagani uchun nihoyatda qo'rqib ketibdi. Shu sabab u ortiga qaramay qochibdi. — To'xta, qochib qayoqqa ham borarding, o'zing yonimga qaytib kelasan-ku, — debdi kampir dahshatli tarzda baqirib. Alimardon aka o'sha kun bir ahvolda uyining ostonasida paydo bo'libdi. Ichkariga kirishi bilan suv so'rab, xotiniga ko'rgan-kechirganlarini so'zlab beribdi. Rafiqasi unga qanday taskin berishni bilmay: — Biroz damingizni oling, men esa Davron mullani aytib kelaman, sizni o'qib qo'ysin. Ko'rmaganday bo'lib ketasiz, — debdi. — Yo'q, xotin, iltimos sendan, hech qaerga ketma, meni yolg'iz qoldirma, — deb yalinib-yolvoribdi Alimardon aka. Xotini uni tinchlantirib, baribir, mullani olib kelgani jo'nabdi. Uyga qaytib kelganida esa eri yotgan ko'rpacha ustida bir siqim tuproqdan boshqa hech narsa topolmabdi. Alimardon aka yerga kirdimi yo osmonga chiqdimi, xullas, g'oyib bo'libdi. Xotini bo'lsa o'sha kun uydan chiqib ketgani uchun haligacha o'zini kechirolmaydi, biroq bir kun eri qaytib kelishiga ishonib, eshik tiq etsa, ostonaga mo'ltiraydi. Umr yo'ldoshining qaytishiga ishonadi-da, sho'rlik…